Valentin Avramenko
Valentin Aleksandrovich Avramenko | |
---|---|
ruscha: Валентин Александрович Авраменко | |
Tavalludi |
20-may 1952-yil Fargʻona, Fargʻona viloyati, Oʻzbekiston SSR |
Vafoti |
30-aprel 2018-yil (65 yoshda) Vladivostok, Primorsk oʻlkasi, Rossiya |
Fuqaroligi | Rossiya |
Kasbi | kimyogar |
Sohasi | kimyo |
Ish joylari | Rossiya Fanlar akademiyasi Uzoq Sharq boʻlimi Kimyo instituti |
Taʼlimi | Uzoq Sharq davlat universiteti |
Ilmiy darajasi | kimyo fanlari doktori |
Ilmiy unvoni | Rossiya Fanlar akademiyasi muxbir aʼzosi (2008) |
Valentin Aleksandrovich Avramenko (1952-yil 20-may, Fargʻona shahri, Oʻzbekiston SSR — 2018-yil 30-aprel, Vladivostok shahri, Primorsk oʻlkasi, Rossiya Federatsiyasi) — sovet va rus kimyogari, funksional yuqori selektiv sorbsion materiallarning maqsadli sintez nazariyasi va amaliyoti sohasi boʻyicha mutaxassis, Rossiya Fanlar akademiyasining muxbir aʼzosi (2008).
Tarjimayi holi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Valentin Avramenko 1952-yil 20-may kuni O‘zbekiston SSR, Fargʻona viloyati, Farg‘ona shahrida tavallud topgan. Otasi Aleksandr Mitrofanovich Avramenko Arxangelsk suv yo‘llari aloqasi texnikumida o‘qigan, 1930-yillari Shimoliy dengiz yo‘lini tadqiq qilgan qutbchi. Onasi Varvara Trofimovna Datsyuk ruhoniyning qizi bo‘lgan[1]. Avramenkoning o‘z so‘zlariga ko‘ra, ota-onasi Vladivostokda tanishishgan va keyinchalik diniy targ‘ibot uchun O‘rta Osiyoga surgun qilingan ona tomonidan buvasi ruhoniy Trofim Andreyevich Dastyukning oldiga ko‘chib borishgan. 5 yoshidan boshlab oʻqishni oʻrgangan. Maktabda o‘qib yurgan kezlari o‘qituvchisi Alevtina Vasilyevna Shtokalskaya tufayli kimyoga qiziqib qoladi, bundan tashqari issiqlik elektr stansiyasi kimyo bo‘limida laborant bo‘lib ishlagan onasi ba’zida o‘g‘li tajribalar oʻtkazishi uchun kimyoviy shisha idishlar olib kelgan, natijada Avramenko kimyo fani bo‘yicha bilimlarini oshirib borgan. Ota-onasi Vladivostokda bir-biri bilan tansihganligi, bolaligidan bu shahar haqida ko‘p eshitib, iliq xotiralar qolganligi tufayli maktabni tugatgandan so‘ng Uzoq Sharq davlat universitetining kimyo fakultetiga o‘qishga topshiradi[1]. 1974-yilda Uzoq Sharq davlat universitetini tamomlab, SSSR Fanlar akademiyasi Uzoq Sharq ilmiy markazining Kimyo institutida ish boshlaydi, 1977-yilda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qiladi. Dastlab absorbsiya laboratoriyasida ishlagan, so‘ngra ustozi Viktor Yuryevich Glushchenko Kimyo institutiga direktor etib saylanishi tufayli sorbsiya jarayonlari laboratoriyasiga ishga ko‘chib o‘tadi, 1988-yildan boshlab bu laboratoriyaning mudiri bo‘lib ishlaydi[1]. 1993-yildan esa laboratoriyada radioaktiv chiqindilarni qayta ishlash muammolariga yechim izlash bilan shug‘ullanib kelgan[2]. 2003-yilda Avramenko doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 2007-yildan radioaktiv chiqindilarni boshqarish texnologiyalari sohasida Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentligi eksperti[2]. 2008-yilda Rossiya Fanlar akademiyasining Kimyo va materialshunoslik (nanotexnologiyalar, funksional materiallar) bo‘limining Uzoq Sharq bo‘linmasi muxbir a’zosi etib saylangan. 200 dan ortiq ilmiy ishlar, shuningdek, 20 ta ixtirolar muallifi[3]. 2009-yilda II darajali „Vatan oldidagi xizmatlari uchun“ ordeni bilan taqdirlangan[2]. 2018-yil 30-aprel kuni Vladivostok shahrida vafot etgan[2].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,0 1,1 1,2 „Валентин АВРАМЕНКО: «Чтобы всё получалось и радовало!»“ (2012-yil 20-may). 2023-yil 16-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 16-iyun.
- ↑ 2,0 2,1 2,2 2,3 „Авраменко Валентин Александрович“ (2018-yil 4-may). 2023-yil 16-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 16-iyun.
- ↑ „Авраменко Валентин Александрович“ (2022-yil 26-may). 2023-yil 16-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 16-iyun.
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Ilmiy ishlari[sayt ishlamaydi]