Kontent qismiga oʻtish

Niger

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Niger Respublikasi
République du Niger
ShiorFraternité, Travail, Progrès
(Fransuzcha: Oʻrtoqchilik, Mehnat, Taraqqiyot)
Madhiya: La Nigerienne
Location of Niger
Poytaxt Niamey
Rasmiy til(lar) Fransuz tili
Hukumat Prezidentlik Respublika
• Prezident
Muhammad Bazum
Xamodu Muhammadu
Mustaqillik (Fransiyadan)
• Sana
3-avgust 1960
Maydon
• Butun
1,267,000 km2 (22-oʻrin)
• Suv (%)
0.02
Aholi
• 2002-yilgi roʻyxat
11,665,937 (69-oʻrin)
• Zichlik 9/km2
YIM (XQT) 2005-yil roʻyxati
• Butun
AQSh$10,220 mil. (138-oʻrin)
• Jon boshiga
AQSh$876
Pul birligi CFA Franc (XOF)
Vaqt mintaqasi UTC+1
• Yoz (DST)
UTC+1
Qisqartma NG
Telefon prefiksi 227
Internet domeni .ne

Niger (Niger), Niger Respublikasi (République du Niger) —Gʻarbiy Afrikadagi davlat. Maydoni 1267 ming km². Aholisi 22,36 mln. kishi (2020). Poytaxti — Niamey shahri Maʼmuriy jihatdan 7 departamentga, ular okruglarga, okruglar kommunalarga boʻlinadi.

Davlat tuzumi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Niger — respublika. Amaldagi konstitutsiyasi 1999-yil 18-iyuldagi referendumda maʼqullangan. Konstitutsiyaga binoan, davlat boshligʻi — prezident. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni Milliy majlis (bir palatali parlament), ijroiya hokimiyatni prezident boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi.

Niger hududining koʻp qismi Sahroi Kabirda, balandligi 200–500 m gacha boʻlgan plato. Eng baland joyi 2022 m (Air platosida, Idukaln-Tages togʻi), janubi-gʻarbi Niger daryosining oʻrta oqimidagi vodiy. N.da oltin, uran, qalay rudalari, volfram, niobiy, temir, koʻmir, fosforit, platina konlari bor. Chad kuli soyligida osh tuzi qatlamlari topilgan. N.ning shimoliy va Shimoli-sharqida iklim choʻl tropik, janubiy va janubi-gʻarbida subekvatorialdir. Eng salqin oylari — dekabr, yanvarda oʻrtacha temperatura 20—24°, eng issiq oyi — mayda 32— 34°. Oʻrtacha yogʻin shimoliy va Shimoli-sharqda 100 mm dan kam, janubiy va janubi-gʻarbda 600–800 mm. Jan.-gʻarbida mamlakatdagi yirikdaryo— Niger oqib oʻtadi. Janubiy va janubi-gʻarbida akatsiya, baobab, dumpalma, qovun daraxti va boshqa oʻsadi. Shimoliy savanna va choʻl oʻsimliklaridan iborat. Yovvoyi hayvonlardan sher, fil, buyvol, jirafa, kiyik, chiyaboʻri, sirtlonlar bor. "Dubl-Be" ("W") milliy bogʻi tashkil etilgan.

Nigerda aholining 50% ga yaqinini xausa elati tashkil etadi. Songay va jerma, kanuru va tubu, tuareg, fulba va boshqa ham yashaydi. Aholining taxminan 90% i islom diniga, bir qismi xristian diniga, qolganlari esa mahalliy anʼanaviy dinlarga eʼtiqod qiladi. Rasmiy til — fransuz tili. Asosiy shaharlari: Niamey, Agades, Zinder, Maradi, Taxva.

Niger hududida qadimdan aholi yashab kelgan. Air togʻligi, Tener choʻli, Agades shahridagi arxeologik qazishmalarda neolit davriga mansub ashyolar topilgan. Qad. odamlar yovvoyi mevalarni terib kun kechirganlar, ovchilik va chorvachilik bilan shugʻullanganlar. Milodiy 1-asrda Sahroi Kabirning janubiga rimliklar kirib kelgan. Arab va barbar savdogarlari kelishi bilan islom dini tarqalgan. 7—19-asrlarda N.ning ayrim qismlari oʻrta asr Gʻarbiy Sudan davlatlari — Songay va Kanem tarkibida boʻlgan. 18-asr urtalarida Niger daryosining sohillari tuareglar qul ostiga utgan. 19-asrda N. hududida yevropaliklarning bir necha ekspeditsiyasi boʻlgan. 1898-yildan fransuzlar N.ni mustamlaka qilishga kirishdilar. 1901-yil N. Fransiya Gʻarbiy Afrikasi (FGʻA)ga kiruvchi Yuqori Senegal tarkibiga qoʻshib olindi. 1922-yildan N. FGʻAning alohida maʼmuriy birligi qilib ajratildi. Mustamlakachilar majburiy mehnat tartibotini joriy qildilar. N. xalqi mustamlakachilarga qarshi qoʻzgʻolonlar koʻtardi (1905,1906—14, 1914— 17). Mustamlakachilarga qarshi kurash 1-va 2-jahon urushlari oʻrtasidagi davrda ham davom etdi.

Ikkinchi jahon urushidan keyin milliy ozodlik harakati boshlandi. 1946-yil Niger taraqqiyparvar partiyasi (NTP) tuzildi. 1947-yil Fransiyaning "dengiz orti hududi" maqomini oldi. 1951-yil NTPning soʻl qanoti Jibo Bakari rahbarligida partiyadan ajralib chiqib, N. demokratik ittifoqini tuzdi. Uning nomi 1958-yil Savaba (Ozodlik) deb oʻzgartirildi. 1957-yil J. Bakari N. hukumat kengashining bosh vaziri etib saylandi. 1958-yil 28-sentabrda Fransiyaning yangi konstitutsiyasi loyihasi haqidagi referendumda Savaba N.ga mustaqillik berilishini talab qildi. 1958-yil 18-dekabrda N. Fransiya Hamjamiyati tarkibida oʻzini oʻzi boshqaruvchi respublika deb eʼlon qilindi. 1959-yilda N. Respublikasining birinchi konstitutsiyasi qabul qilindi. 1960-yil 3-avgustda N. mustaqil respublika deb eʼlon qilindi va u Hamjamiyatdan chiqdi. 1960-yil noyabrda Milliy majlis yangi konsti-tutsiyani qabul qildi va NTP rahbari A. Diorini respublikaning birinchi prezidenti etib sayladi. N.da bir partiyali tizim qaror topdi. Barcha jamoat tashkilotlari NTP nazorati ostiga oʻtdi. 1961-yilda Fransiya bilan siyosiy, iqtisodiy va harbiy hamkorlik haqida bitim imzolandi. Fransiya N.ning tashqi savdosi, moliyasi, mudofaasi, maorif tizimi ustidan nazoratni saqlab qoldi. Ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda xalqning ahvoli yaxshilanmadi, ommaning noroziligi kuchaydi. 1974-yil 15-aprelda, 1996-yil 27-yanvarda sodir boʻlgan harbiy toʻntarishlar ham aholining ahvolini yaxshilashga olib kelmadi. Nihoyat, 1999-yil 9-apreldagi harbiy toʻntarish natijasida mamlakat prezidenti Ibrohim Barre Maynassar oʻldirildi, Milliy majlis va hukumat tarqatib yuboriddi, 1966-yil konstitutsiyaning amal qilishi toʻxtatib qoʻyildi. 1999-yil 11-aprelda tasdiqlangan Milliy yarash kengashi mayor Dovud Malam Vankeni davlat va hukumat boshligʻi etib tayinladi. 1999-yil 18-iyuldagi referendumda yangi konstitutsiya maʼqullandi. 1999-yil 24-noyabrdagi saylovda Mamadu Tanja prezident etib saylandi.

Niger — 1960-yildan BMT aʼzosi. Milliy bayrami — 18-dekabr — Respublika eʼlon qilingan kun (1958).

Siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari. Taraqqiyot jamiyati milliy harakati — Nassara, 1988-yil 2-avgustda tashkil etilgan; Demokratik va sotsial konvent, 1991-yilda tuzilgan; Demokratik tiklanish uchun mustaqil milliy ittifoq, 1996-yilda tashkil etilgan; Milliy ittifoq va taraqqiyot partiyasi — Salama; Demokratik va taraqqiyparvar vatanparvarlar ittifoqi partiyasi. N. mehnatkashlari kasaba uyushmalari birlashmasi, 1960-yilda asos solingan.

Niger — agrar mamlakat. Mus-tamlakachilik hukmronligi davrida iqtisodiyot, asosan, yeryongʻoq yetishtirishga iqtisoslashgan edi. 1960-yillardan xoʻjalikni davlat tomonidan tartibga solish quchaydi, davlat va aralash korxonalar mavqeyi mustahkamlandi. Yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi 12%, qishloq xoʻjaligi ulushi 37,5% ni tashkil etadi.

Qishloq xoʻjaligi eng qoloq tarmoq qisoblanadi. Aholining 80% dan koʻprogʻi shu sohada band. Tovar mahsulotining asosiy qismini mayda anʼanaviy yarim natural dehqon xoʻjaliklari beradi. Niamey va uning atrofida yirik mexanizatsiyalashgan xoʻjaliklar tashkil topa boshladi. Dehqonlarning oʻzaro yordam uyushmalari tashkil etildi. Yeryongʻoq, paxta, sholi yetishtiruvchi kooperativlar paydo boʻldi. Niger uchun yaroqli 15 mln. gektar yerdan (mamlakat hududining 12% ga yaqini) 42% haydaladigan va boʻz yerlar, 53% yaylov, 4% oʻrmon. Dehqonchilik mamlakat janubiy va janubi-gʻarbida rivojlangan. Atigi 12 ming ga maydon sugʻoriladi, bu joylarda irrigatsiya inshootlari barpo etilgan. Asosiy oziq-ovqat ekinlari: tariq, nyebe, maniok, shuningdek, bugʻdoy, makkajoʻxori, shakarqamish, batat va boshqa N.da koʻchmanchi va yarim koʻchmanchi chorvachilik ustun. Qoramol, qoʻy, echki, tuya, ot va eshak boqiladi. Savannalar qovjirashining oldini olish va yaylovlarni saqlab qolish uchun yangi oʻrmonlar barpo etilgan. Niger va Komadugu-Yobe daryolarida, Chad koʻlida baliq ovlanadi.

Nigerda uran, qalay, gips, osh tuzi, soda qazib olinadi. Niger sanoati mahsulotining 3/4 qismini oziq-ovqat korxonalari beradi. Maradi, Magaria va Matameydagi yogʻ zavodlari 130 ming tonna yeryongʻoqni qayta ishlaydi. Zinderda yeryongʻoq tozalaydigan 3 ta zavod, un-yorma korxonasi, Niameyda sut zavodi va sovitkichli kushxona, Tillaberi va Niameyda sholi oklash fabrikalari, Niamey va Maradida pivo zavodlari bor. Toʻqimachilik fabrikasi, 5 ta paxta tozalash korxonasi, koʻnchilik zavodi mavjud. Binokorlik materiallari (sement, sopol taxtachalar), kimyo mahsulotlari (sovun, upa-elik va dori-darmon) ishlab chiqariladi. Avtomashina kuzovi va tirkamalari yigʻiladi, mebel va mayda qishloq xoʻjaligi anjomlari va boshqa ishlab chiqariladi. Kashtachilik, koʻnchilik, kulolchilik ichki bozorda muhim oʻrin oladi. Yiliga oʻrtacha 168 mln. kVt-soat elektr energiya hosil qilinadi. Mamlakat ehtiyoji uchun zarur elektr energiyaning 50% Nigeriyadan olinadi.

Nigerda temir yoʻl yoʻq. Avtomobil yoʻllari uzunligi 19 ming km, shundan 3 ming km asfaltlangan. Niger daryosida kemalar qatnaydi. Niamey va Agadesda xalqaro aeroport bor. Chetga uran ekstraktlari, tirik mol va chorvachilik mahsulotlari, arahis yogʻi, paxta, sabzavot chiqaradi, chetdan neft mahsulotlari, don, transport vositalari va asbob-uskunalar keltiradi. Tashqi savdodagi asosiy mijozlari: Fransiya, Italiya, Germaniya, Yaponiya, Nigeriya, Jazoir. Pul birligi — Afrika franki.

Tibbiy xizmati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Nigerda 3500 ga yaqin oʻrinli 300 dan ortiq davolash muassasasi, 140 vrach xizmat koʻrsatadi. Sogʻliqni saqlash va ijtimoiy ishlar va-zirligi sogʻliqni saqlashning markaziy organi hisoblanadi.

Maorifi, madaniy-maʼrifiy va ilmiy muassasalari. Mamlakat aholisining 90% savodsiz. Maktab yoshidagi bolalarning 21% oʻqishga jalb etilgan. N. maorif tizimi fransuz tizimi taʼsirida tashkil topdi. 6—7 yoshdan boshlab bolalar boshlangʻich maktabda 6 yil oʻqiydi. Oʻrta maktab — 7 yillik. Davlatga qarashli boshlangʻich maktablardan tashqari xususiy maktablar ham bor. Oʻqituvchilar normal (pedagogika) bilim yurtlarida 4 yil mobaynida tayyorlanadi, 4 yillik va 1 yillik pedagogika kurslari ham bor. Maradidagi texnika litseyi, Agadesdagi konchilik bilim yurti hunar-texnika taʼlimi beradi. Zinderda feldsher va sanitarlar tayyorlovchi milliy maktab, Niameyda sogʻliqni saqlash maktabi, fuqaro aviatsiyasi va meteorologiya maktabi bor. Oliy oʻquv yurtlari: Niamey universiteti, milliy maʼmuriy kollej. Universitet huzurida Matematika tadqiqot instituti, Ijtimoiy fanlar tadqiqot markazi, Geol. tadqiqotlari byurosi ishlaydi. Bundan tashqari, Afrika Birligi Tashkilotining tilshunoslik, tarix va ogʻzaki anʼanalar tadqiqot markazi, agronomiya tadqiqotlari milliy instituti, veterinariya laboratoriya va boshqa mavjud.

Matbuoti. Nigerda nashr etiladigan gazeta va jurnallar: "Saxel" (fransuz tilida chiqadigan kundalik hukumat gaz., 1960-yildan), "Saxel ebdo" (fransuz tilida chiqadigan hukumat haftanomasi, 1961-yildan), "Jurnal ofisyel de la Repyublik dyu Nijer" ("Niger Respublikasining rasmiy gazetasi", fransuz tilida 2 haftada bir marta chiqadigan hukumat xabarnomasi, 1933-yildan), "Nijerama" (har chorakda chiqadigan jurnal). Niger matbuot agentligi milliy ax-borot agentligi boʻlib, 1987-yilda tashkil etilgan. "Saxel ovozi" radio stansiyasi hamda N. radioeshittirish va telekoʻrsatuv hukumat xizmati mavjud.

Meʼmorligi va badiiy hunarmandchiligi. Niger daryosi yuqori oqimida yashovchi oʻtroq xalqlarning yashash joyi guvaladan toʻrtburchak qilib qurilgan yassi tomli uylardan iborat. Mamlakat janubi-gʻarbida poxol kulbalar, sharqida esa guvala va toshdan kurilib tomi xa-shak bilan yopilgan uylar koʻp. Don omborlari doyra shaklida guvaladan 3 m gacha balandlikda kurilib, tepasidan tuynuk krldiriladi. Koʻchmanchi aholi (tuareglar, fulbelar) teri bilan yopilgan chodirlarda yashaydi. Shahar meʼmorligi — sudancha uslubning bir turi. Turar joy va masjidlar somonloy (banko)dan kuriladi. Zinder, Taxua va boshqa joylardagi turar joylar toʻgʻri burchakli rejada, palma ustunlardan gumbazli qilib yoki ikki nishabli qamish tomli kilib tiklanadi. Peshtoqiga oʻziga xos qabariq naqshlar solinadi. Niamey va boshqa shaharlarda yevropacha zamonaviy uy-joy va maʼmuriy binolar qurilgan.

Mamlakat poytaxti va uning atrofida, xausa elati istiqomat qiladigan viloyatlarda bosma rangdor naqsh solingan charm buyumlar — xaltalar, egarjabduqlar, shippaklar, idishlar, hatto marjonlar yasaladi. Hamma joyda temirchilik, zargarlik, toʻquvchilik tarqalgan. Bronza va kumushdan qadama naqsh solingan pichoqlar, kumush bilaguzuklar va shokilalar, ot yuganlari tayyorlanadi. Kulolchilik buyumlari orasida botiq naqshli idishlar ajralib turadi. Rangdor (qizil, oq, zan-gori) gazlamalar, qovoq poʻstidan yasalgan idishlar ishlab chiqariladi.

Musulmon bayramlari kunlarida sayoq qiziqchilar qishloqlarda yogʻoch qoʻgʻirchoqlarni oʻynatib, masxarabozlik qilishlari qadimdan davom etib keladi. 20-asrning 50-yillarida tashkil etilgan madaniyat markazlarida kichik teatr truppalari ishlay boshladi. Niameydagi madaniyat markazining direktori Dandobi Mahaman N.ning dastlabki dramaturglaridandir. Uning "Echkining sarguzashtlari" va "Kabrin Kabra afsonasi" kabi pyesalarini mamlakatning juda koʻp havaskorlik jamoalari sahnalashtirgan. 1964-yildan buyen har yili oʻtkaziladigan yoshlar haftasida mamlakatning barcha viloyatlaridan kelgan drama va folklor truppalari musobaqalashishadi.

N. mustaqillikka erishganidan keyin kino ishlab chiqarish rivojlana boshladi. 1962-yilda "Toʻy" deb atalgan birinchi film dunyoga keldi (rejissyor M. Alassan). Ushbu rejissyorning "Ganjaning oʻlimi" degan multfilm i 1966-yil Dakarda oʻtka-zilgan Jahon afrikalik negrlar sanʼat va madaniyat festivalida sovrin oldi. Shundan keyin "Tovlamachining qaytishi", "Men — nefman", "Kabaskabo", "Uchrashuv", "Qora bulutlar", "Ziyoratchi", "Sexrgar", "Xotin, villa, mashina, pul" kabi filmlar yaratildi.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil



pFad - Phonifier reborn

Pfad - The Proxy pFad of © 2024 Garber Painting. All rights reserved.

Note: This service is not intended for secure transactions such as banking, social media, email, or purchasing. Use at your own risk. We assume no liability whatsoever for broken pages.


Alternative Proxies:

Alternative Proxy

pFad Proxy

pFad v3 Proxy

pFad v4 Proxy